05.05.2026
Harakat ezgulikka aylanganda: Changan va Hissa.uz «Sizning yo‘lingiz ezgulikdan boshlanadi!» loyihasi natijalarini sarhisob qildi
O‘zbekistonda ehtiyojmandlarga yordam berish yo‘lida avtomobil biznesi va raqamli texnologiyalarni birlashtirgan nufuzli loyiha yakuniga yetdi. Changan avtomobil brendi Hissa.uz xayriya platformasi bilan hamkorlikda har bir bepul test-drayv real moliyaviy yordamga aylangan ijtimoiy tashabbusni amalga oshirdi.
Shaffoflik yo‘lidagi hamkorlik
Loyiha boshidanoq biznes va jamiyat o‘rtasidagi shaffof hamda tushunarli hamkorlik tizimi sifatida rejalashtirilgan edi. Hissa.uz platformasi loyihaning asosiy hamkori sifatida ishtirok etib, zarur raqamli infratuzilmani yaratdi, barcha bosqichlarning shaffofligini ta’minladi va mablag‘larning maqsadli taqsimlanishini nazorat qildi. Bu esa xayriya ishlarini tizimli va ochiq tarzda amalga oshirish imkonini berdi.
Mijoz — ilhomlantiruvchi, brend — bunyodkor
«Sizning yo‘lingiz ezgulikdan boshlanadi!» aksiyasining asosiy o‘ziga xosligi uning mexanizmida edi. Ramazon oyi davomida istalgan kishi Changan dilerlik markazlariga tashrif buyurib, brendning istalgan modelini mutlaqo bepul test-drayvdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar hech qanday xarajat qilmadilar — aksincha, ularning avtomobillarga bo‘lgan qiziqishi kompaniya uchun xayriya qilishga turtki bo‘ldi. Har bir amalga oshirilgan test-drayv uchun Changan o‘z byudjetidan xayriya maqsadlariga 50 000 so‘mdan mablag‘ ajratdi. Shu tariqa, avtosalon mehmonlari faqatgina o‘z ishtiroklari bilan yordam berish mexanizmini ishga tushirib, ezgulikning asosiy yetkazuvchilariga aylanishdi.
Kutilganidan yuqori natijalar
Aholining faolligi dastlabki prognozlardan ancha yuqori bo‘ldi:
- Aksiya davomida jami 324 ta test-drayv o‘tkazildi.
- Odamlarning befarq emasligi tufayli 16 200 000 so‘mdan ortiq mablag‘ to‘plandi.
Bunday samimiy qiziqishni ko‘rgan Changan kompaniyasi aksiyaning ta’sirini yanada kuchaytirishga qaror qildi. Brend o‘z jamg‘armasidan qo‘shimcha 13 800 000 so‘m ajratib, umumiy xayriya summasini 30 000 000 so‘mga yetkazdi.
«Biz uchun ijtimoiy mas'uliyat — bu shunchaki bir martalik aksiya emas, balki Changan brendi DNKsining ajralmas qismidir. Biz uchun avtosalonimizga qilingan har bir tashrif nafaqat mijozga, balki butun jamiyatga foyda keltirishi juda muhim edi. Ushbu loyiha birgalikda katta ishlarni amalga oshirishga qodir ekanimizning yana bir isboti bo‘ldi», — deya ta’kidladi brend vakillari.
Mablag‘lar qayerga yo‘naltirildi?
Hissa.uz platformasi ko‘magida to‘plangan mablag‘ shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan ikki yo‘nalishga taqsimlandi:
- Bolalarga yordam: 15 000 000 so‘m «Sen Kuchlisan» tashkilotiga o‘tkazib berildi. Ushbu mablag‘ Hindistonda leysemiya (oq qon) kasalligi bilan kurashayotgan qizchaning hayoti uchun muhim bo‘lgan muolajalariga yo‘naltirildi.
- Hayvonlarga g‘amxo‘rlik: 15 000 000 so‘m «Kotomaniya» boshpanasiga ozuqa sotib olish va veterinariya xizmatlari uchun yo‘naltirildi.
Test-drayvni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib, mablag‘larni topshirishgacha bo‘lgan butun jarayon rasmiy hisobotlar, cheklar va foto materiallar bilan tasdiqlangan.


«Assalom alaykum! Bolajonimiz Muhammadali 7 soatlik operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Biopsiya va boshqa analizlar juda yaxshi chiqdi. U butunlay sog‘lom hayotga qaytdi! Tez orada O‘zbekistonga qaytadi!
@Sardor Berdiyev, sizga va Changan jamoasiga katta rahmat!»
Korporativ mas'uliyatning yangi standarti
Changan va Hissa keysi klassik avtobiznesning ijtimoiy yo‘naltirilgan tizimga aylanishini ko‘rsatib berdi. Xayriya ishlarini bevosita mijoz tajribasiga (test-drayvga) integratsiya qilish orqali brend tijorat muvaffaqiyati jamiyat farovonligi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan yangicha hamkorlik madaniyatini shakllantirmoqda.
Changan va Hissa.uz kelajakda ham ushbu muvaffaqiyatli tajribani kengaytirib, yordamga muhtojlarga tizimli ko‘mak berishga qaratilgan yangi loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.








